
O'zbekistonda yer uchastkalaridan foydalanishni yaxshilash va ularni muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida yangi qonun kuchga kirdi, deb upl.uz sayti xabar berdi.
Adliya vazirligi ma'lumotiga ko'ra, ushbu hujjat yer va suv resurslarini boshqarishda muhim o'zgarishlarni joriy etadi. Eng asosiy yangiliklardan biri — yer osti suvlarini noqonuniy quduq qazish orqali olish holatiga qarshi kurashishdir. Endilikda bu kabi harakatlar ma'muriy javobgarlikka tortiladi. Mazkur tartib suvdan nazoratsiz foydalanishni oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, yer egalari uchun ham yangi talablar belgilandi. Agar yer uchun belgilangan to‘lovlar vaqtida amalga oshirilmasa va davlat idorasining ogohlantirishidan so‘ng 6 oy ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, yerga bo‘lgan mulk huquqi bekor qilinishi mumkin. Bu chora yerlarning samarasiz yotib qolishini oldini olish uchun qo‘llaniladi.
Qonunga ko‘ra, yer toifalarini o‘zgartirish ham endi qat’iy tartib asosida amalga oshiriladi. Masalan, sug‘oriladigan yerlarni boshqa toifaga o‘tkazish faqat aniq talablar bajarilgandagina mumkin bo‘ladi. Bu esa qishloq xo‘jaligida sug‘orish tizimining ahamiyatini saqlab qolish uchun muhim hisoblanadi.
Yana bir muhim yangilik — yer osti suvidan foydalanishdagi soliq masalasidir. Agar suv hisoblagichlarsiz olinadigan bo‘lsa, unda soliq stavkasi standartdan 5 baravar yuqori bo‘ladi. Biroq bu qoida faqat o‘z ehtiyoji uchun kuniga 5 kubometrdan oshmaydigan suv oluvchi jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston suv resurslarining asosiy qismini yer osti suvlari tashkil etadi. Mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi yerlarining 60 foizi sug‘orish tizimlariga bog‘liq bo‘lib, ularning katta qismi aynan yer osti suvlari hisobiga sug‘oriladi.
Ozbekiston, Adliya, O‘zbekiston, Ozbekistonda, Upl.uz