
O‘zbekistonda nogironlikni rasmiylashtirish va aholining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan yangi tizim joriy qilinmoqda. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endigidan boshlab vrachlik-maslahat komissiyalari (VKK) – yillar davomida korrupsion illat bilan bog‘langan tartib butunlay bekor qilinadi.
Bu tizim o‘rniga nogironlik faqat tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan, faqat oilaviy shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida belgilanadi. Ushbu o‘zgarish 2024 yil 1 iyundan boshlab Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 1 sentyabrdan esa mamlakatning barcha hududlarida to‘liq joriy etiladi.
Shu bilan birga, kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish maqsadida «mahallabay tibbiy xizmat» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Buning doirasida, masalan, Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi poliklinika va mahallalarga viloyat kardiologiya, endokrinologiya, ona-bola markazlari hamda markaziy shifoxona shifokorlari biriktiriladi.
Ular aholi orasida to‘g‘ridan to‘g‘ri tibbiy ko‘riklar o‘tkazadi, oilaviy shifokorlar bilan hamkorlikda kasalliklarni erta bosqichda aniqlashni o‘rgatadi, poliklinikalarda esa zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etadi.
Bu jarayonga Samarqand tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va magistratura bitiruvchilari ham jalb etiladi. Ular amaliyotni shu mahallalarda o‘tab, ilmiy ishlarini aynan shu joyda amalga oshiradilar.
Yil yakunida natija yuqori bo‘lsa, ushbu loyihaga biriktirilgan shifokor va mutaxassislarga oylik maoshning ikki barobar miqdorida mukofot to‘lanadi.
Prezident bu tizimni joriy yilda Ishtixon tumani, Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va boshqa viloyatlarning har biridan kamida bitta tumanda, 2025 yildan to‘liq Samarqand viloyatida va 2027 yildan butun mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich tatbiq etishni topshirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi esa yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan birgalikda 15 ta tumanda 4 700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani «Oila salomatligi» dasturi asosida o‘qitishi va tibbiyot muassasalari rahbarlarini menejerlikka tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Yangi tizimni joylarda to‘liq amalga oshirish uchun davlat budjeti hisobidan 285 milliard so‘m, hududiy hokimliklar tomonidan esa qo‘shimcha 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratish belgilandi.
Bu islohotlar mahalladagi tibbiy xizmat sifatini sezilarli darajada oshirish va aholiga yaqin tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Maqsad — sog‘lom avlod, odil tizim va shaffof tibbiy xizmat.
O‘zbekiston, Toshkent, Navoiy, Samarqand, Ishtixon